Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan
15-16 oktyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan XI Xalqaro O‘zbekiston paxta
va to‘qimachilik yarmarkasi buni yana bir bor yaqqol tasdiqladi
Yàrmarkada 700 ming tonna O‘zbekiston paxta tolasini
sotib olish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 800 million AQSH dollaridan
ziyod miqdordagi shartnomalar imzolandi.
Bu galgi Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik
yarmarkasiga ham jahon paxta va to‘qimachilik bozorining yetakchi vakillari istiqboldagi masalalarni muhokama
etish hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish uchun tashrif buyurdi. Joriy yilda unda qirqdan
ortiq davlatdan 1000 dan ziyod firma va kompaniya mutaxassislari ishtirok etdi.
Ular O‘zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish,
savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi paxta sanoatiga taalluqli ko‘plab
masalalarni muhokama qilib, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzdi.
Yarmarka doirasida o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston
dunyoda paxta etishtirish bo‘yicha oltinchi, eksport qilish bo‘yicha beshinchi o‘rinda
turishi ta’kidlandi. Joriy yilda ham paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirdi. Bu
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, paxtachilik, qayta ishlash sanoatida
amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, fermerlik harakatini
yanada rivojlantirish, seleksiya, logistika va boshqa sohalarni takomillashtirish
borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasidir.
Ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiya qilinib,
texnik jihatdan yangilab borilayotgani, tashqi bozorda mahsulot raqobatbardoshligini
ta’minlaydigan xalqaro sifat standartlari va texnik reglamentlarning tizimli asosda
joriy qilinayotgani bu boradagi muhim yutuqlardandir. Sohada amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlar har yili 3 million tonnadan ziyod paxta xomashyosi tayyorlash imkonini
berayotir.
«O‘zpaxtasanoat» uyushmasi va «Sifat» markazining
birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli paxta tolasi va tayyor paxta mahsulotlarini
tasniflash tizimining takomillashtirilayotgani tola sifatini oshirishda muhim omil
bo‘lib xizmat qilayotir. Bremen paxta assotsiatsiyasi va Paxta bo‘yicha xalqaro
maslahat qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan "Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash
markazi yurtimiz dalalarida etishtirilgan paxta tolasini xalqaro standartlar talablariga
javob beradigan zamonaviy HVI tizimi yordamida sertifikatlamoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda paxta zavodlarini modernizatsiya
qilish jarayoni davom ettirilib, zamonaviy uskunalar joriy qilinmoqda, yangi korxonalar
ishga tushirilmoqda. Xalqaro talablarga muvofiq, paxtani polietilen lentalar va
yumshoq konteynerlarni qo‘llagan holda toylashning yangi tizimiga o‘tilmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda to‘qimachilik
sanoatini yanada rivojlantirish, paxta tolasini qayta ishlashni kengaytirish va
yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish
davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Masalan, 90-yillarda paxta tolasini qayta ishlash
hajmi atigi 7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilayotgan izchil
chora-tadbirlar samarasida bugungi kunda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshdi. Yaqin
kelajakda bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish rejalashtirilayotir.
Paxtani qayta ishlash bilan bir qatorda shoyi va
gilam to‘qish sohasi ham rivojlanmoqda, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari,
matolar, paypoq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.
O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida to‘qimachilik
sanoati ulushi muntazam ortib borayotir. Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan
qariyb uch mingta yengil sanoat korxonasining 312 tasi "O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik
jamiyati tarkibiga kiradi. Ularning yuzdan ortig‘i yarmarkada o‘z mahsulotlarini
namoyish qildi.
– So‘nggi yillarda paxta va to‘qimachilik yarmarkasida
faol ishtirok etib kelmoqdamiz, – deydi "Urganch Baxmal” mas’uliyati cheklangan
jamiyatining savdo bo‘yicha menejeri Sherzod Xolmurodov. – Xorijlik hamkorlarga
korxonamizda ishlab chiqarilayotgan kalava va aralash ip, gazlama, shuningdek, yotoq
anjomlari va maxsus kiyimlarni taklif etdik. Bugungi kunda mahsulotimizning 20 foizdan
ortig‘i eksport qilinmoqda. Bu galgi paxta va to‘qimachilik yarmarkasi hamkorlarimizni
ko‘paytirish, Polsha, Rossiya va boshqa mamlakatlar tadbirkorlari bilan shartnomalar
tuzish imkonini berdi.
"Ideal” brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar
ishlab chiqarayotgan "Istiqlol tekstil dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham
yarmarkaning faol ishtirokchilaridan. Namangan viloyatidagi zamonaviy korxonalardan
bo‘lgan ushbu jamiyat ichki va tashqi bozorga ellik turdan ziyod kiyim-kechaklar
etkazib bermoqda.
"Istiqlol tekstil dizayn” mas’uliyati cheklangan
jamiyatining logistika bo‘yicha menejeri Rustam Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, korxona
mahsulotlarining qariyb 50 foizi eksport qilinmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan
Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida ishtirok etish korxonaning
eksport salohiyatini oshirish imkonini berayotir. Joriy yilda korxona Rossiyaning
"Stil M” to‘qimachilik kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.
Toshkent viloyatida joylashgan "Plasteks” qo‘shma
korxonasi kalava, Jizzax viloyatidagi «Jizzax Plasteks» qo‘shma korxonasi sur ip
va trikotaj polotno eksport qilmoqda.
– Yarmarkada nafaqat ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar,
balki yangi loyiha – Bo‘stonliq tumanidagi kalava ishlab chiqaradigan fabrikani
ham taqdim etdik, – deydi "Plasteks” qo‘shma korxonasi menejeri Abror Roziqov.
– Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning katta qismi Xitoy, Rossiya va Evropa davlatlariga
eksport qilinmoqda. Yarmarkada kalava va polotno yetkazib berish bo‘yicha umumiy
qiymati qariyb 30 million dollarlik shartnoma tuzdik.
Yana shuni ta’kidlash joizki, bu galgi Xalqaro O‘zbekiston
paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ishtirokchilarni joriy yildan amalga oshirish
boshlangan istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishtirish imkonini berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya
Prezidentlarining uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlar doirasida "O‘zbekengilsanoat”
aksiyadorlik jamiyati Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi
bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan o‘quv-tadqiqot to‘qimachilik texnoparki loyihasi
ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur texnoparkning
tashkil etilishi O‘zbekistonda to‘qimachilik ishlab chiqarishini rivojlantirish
va uning raqobatbardoshligini oshirish uchun ilmiy hamda texnologik resurslardan
yanada samarali foydalanish imkonini beradi.
Yarmarkaning xorijlik ishtirokchilari O‘zbekiston
bilan hamkorlik qilishga tayyorligi va bundan manfaatdorligini bildirdi. Ular mamlakatimiz
hududlarining investitsiya salohiyati va to‘qimachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha
yangi loyihalar taqdimot marosimlarida ishtirok etdi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi
«O‘zbekiston» paxtani qayta ishlash zavodi, "Toshkent-tola” paxta terminali va
«O‘zteks-Chirchiq» to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi
paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini
yanada rivojlantirish, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar hamda ularning xorijlik
hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.

Izohlar